Mehnat kodeksi 438-moddasi

Oʻrindoshlik asosida ishlovchi shaxslarning mehnatiga haq toʻlash

Oʻrindoshlik asosida ishlovchi shaxslarning mehnatiga haq toʻlash ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda, ishlab chiqarish natijasiga yoxud mehnat shartnomasida belgilangan boshqa shartlarga qarab amalga oshiriladi. Mehnatga haq toʻlashning vaqtbay shaklida oʻrindoshlik asosida ishlovchi shaxslarga normalangan topshiriqlar belgilansa, mehnatga haq toʻlash haqiqatda bajarilgan ish hajmi uchun yakuniy natijalar boʻyicha amalga oshiriladi. Ish haqiga tuman koeffitsiyentlari belgilangan tumanlarda oʻrindoshlik asosida ishlovchi shaxslarga mehnatga haq toʻlash ushbu koeffitsiyentlarni hisobga olingan holda amalga oshiriladi. Oʻrindoshlik asosida ishlash uchun mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda, ishlab chiqarish natijasiga yoki mehnat shartnomasida nazarda tutilgan boshqa shartlarga qarab qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori asosida hisob-kitob qilingan miqdordan kam boʻlmasligi kerak. Xodimning oʻrtacha ish haqini hisoblab chiqarishda, ushbu hisoblab chiqarishning maqsadlaridan qatʼi nazar, asosiy ish joyi boʻyicha ish uchun va oʻrindoshlik asosida ish uchun ish haqi alohida-alohida hisob-kitob qilinadi. Agar jamoa shartnomasida yoxud ish beruvchi tomonidan kasaba uyushma qoʻmitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan oʻzga ichki hujjatda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, oʻrindoshlik asosida ishlovchilar mehnatiga haq toʻlash shakllari va tizimlari, mukofotlar, qoʻshimcha haq, ustamalar, ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar toʻlash mazkur ish oʻzi uchun asosiy ish boʻlgan xodimlarga belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Modda quyidagi hujjat tarkibida

O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi

Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.