Mehnat kodeksi 4-moddasi

Mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashgʻulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash prinsipi

Har kim mehnat huquqlarini amalga oshirish va himoya qilishda teng imkoniyatlarga ega. Mehnat va mashgʻulotlar sohasida kamsitish taqiqlanadi. Jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, qarindoshlarida sudlanganlikning mavjudligi, mulkiy holati va mansab mavqeyi, yashash joyi, dinga boʻlgan munosabati, eʼtiqodi, jamoat birlashmalariga mansubligi, shuningdek xodimlarning ishchanlik sifatlari va mehnati natijalari bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa jihatlariga qarab mehnat va mashgʻulotlar sohasida biror-bir toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita cheklovlar belgilash, xuddi shuningdek biror-bir toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita imtiyozlar berish kamsitishdir. (4-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 20-sentabrdagi OʻRQ-963-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.09.2024-y., 03/24/963/0735-son) Mehnat va mashgʻulotlar sohasida xodimlarning huquqlarini mehnatning muayyan turiga xos boʻlgan talablar yoki yuqoriroq ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan shaxslar (oilaviy vazifalarni bajarish bilan band boʻlgan shaxslar, voyaga yetmaganlar, nogironligi boʻlgan shaxslar, homilador ayollar va boshqalar) toʻgʻrisidagi alohida gʻamxoʻrlik bilan bogʻliq holda asoslangan tarzda farqlash, istisno etish, ularga afzallik berish, shuningdek ularni cheklash kamsitish deb hisoblanmaydi. Ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solish borasidagi asoslangan farqlar xodimning ish beruvchi bilan mehnat aloqasi xususiyatiga, mehnat faoliyati amalga oshiriladigan joyga, xodim mehnatining shart-sharoitlari va xususiyatiga, ish beruvchining huquqiy maqomiga, baʼzi tarmoqlar va kasblardagi xodimlar mehnatining oʻziga xos xususiyatlariga, organizmning psixofiziologik xususiyatlariga, oilaviy vazifalarning mavjudligiga hamda boshqa obyektiv holatlarga bogʻliq boʻlishi mumkin. Mehnat va (yoki) mashgʻulotlar sohasida oʻzini kamsitilgan deb hisoblagan shaxs kamsitilish fakti ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilishi, shu jumladan kamsitishni bartaraf etish hamda oʻziga yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash va maʼnaviy ziyonning kompensatsiya qilinishi toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi mumkin.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Modda quyidagi hujjat tarkibida

O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi

Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.