Ish beruvchida mehnat shartnomasi asosida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan barcha xodimlar mehnat jamoasini tashkil etadi. Mehnat jamoasi ijtimoiy sheriklik sohasidagi oʻz vakolatlarini umumiy yigʻilish (konferensiya) oʻtkazish orqali amalga oshiradi. Mehnat jamoasining umumiy yigʻilishi, agar unda ish beruvchida mehnat shartnomasi asosida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlarning yarmidan koʻprogʻi hozir boʻlsa, vakolatli hisoblanadi. Mehnat jamoasining konferensiyasi, agar unda tashkilot boʻlinmalari delegatlarining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlsa, vakolatli hisoblanadi. Mehnat jamoasi umumiy yigʻilishining (konferensiyasining) qarori, agar umumiy yigʻilishda (konferensiyada) ishtirok etayotgan xodimlarning (delegatlarning) ellik foizidan koʻprogʻi uni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qabul qilingan hisoblanadi. Mehnat jamoasining umumiy yigʻilishi (konferensiyasi): xodimlarning mehnat jamoasi manfaatlarini ifodalash vakolati berilgan vakillik organini belgilaydi; jamoa shartnomasini maʼqullash yoki maʼqullamaslik toʻgʻrisida qaror qabul qiladi; amal qilishi tegishli xodimlarga va ish beruvchiga nisbatan tatbiq etiladigan jamoa kelishuvlarining, shuningdek jamoa shartnomasining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi; jamoa kelishuvining, jamoa shartnomasining taraflar tomonidan ijro etilishi samaradorligiga baho beradi; qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga muvofiq oʻzga vakolatlarni amalga oshiradi.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Modda quyidagi hujjat tarkibida

O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi

Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.