Mehnat kodeksi 327-moddasi

Boquvchi boʻlgan xodim vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan ziyonning oʻrni ish beruvchi tomonidan qoplanishiga doir huquqqa ega boʻlgan shaxslar doirasi

Boquvchi boʻlgan xodim (bundan buyon matnda boquvchi deb yuritiladi) mehnat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq boʻlgan mehnatda mayib boʻlganligi, kasb kasalligi yoki sogʻliqqa yetkazilgan boshqa shikast tufayli vafot etgan taqdirda ish beruvchi quyidagi shaxslarga ziyonning oʻrnini qoplashi shart: marhumning qaramogʻida boʻlgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga, shuningdek oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarga yoki uning vafot etgan kuniga qadar undan taʼminot olish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga; marhumning vafotidan keyin tugʻilgan farzandiga; ota-onasidan biriga (ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxsga), eriga (xotiniga) yoki boshqa oila aʼzosiga, agar u ishlamayotgan boʻlsa hamda marhumning oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan yoki bu yoshga toʻlgan boʻlsa-da, ammo tibbiy muassasalarning xulosasiga koʻra sogʻligʻi holati boʻyicha oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan bolalarini, aka-ukalarini, opa-singillarini yoki nabiralarini parvarish qilish bilan band boʻlsa. Bolalarning qaramoqda ekanligi taxmin qilinadi va dalillar talab qilmaydi. Quyidagilar mehnatga qobiliyatsiz deb hisoblanadi: oʻn sakkiz yoshdan oshgan shaxslar, agar ularga shu yoshga toʻlguniga qadar nogironlik belgilangan boʻlsa; oltmish yoshga toʻlgan erkaklar va ellik besh yoshga toʻlgan ayollar; oʻziga nisbatan nogironlik belgilangan shaxslar. Oila aʼzosining mehnatga qobiliyatsizligi yuz bergan vaqt (boquvchining vafotidan oldin yoki keyin) uning ziyonning oʻrni qoplanishiga boʻlgan huquqiga taʼsir qilmaydi. Oʻn sakkiz yoshga toʻlgan va undan katta oʻquvchilar kunduzgi taʼlim tashkilotlarida oʻqishni tugatguniga, lekin koʻpi bilan yigirma uch yoshga toʻlguniga qadar ziyonning oʻrni qoplanishiga boʻlgan huquqqa egadir.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Modda quyidagi hujjat tarkibida

O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi

Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.