Mehnat kodeksi 21-moddasi

Xodimning huquqlari

Xodim quyidagi huquqlarga ega: ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda belgilangan tartibda hamda shartlarda mehnat shartnomasini tuzish, oʻzgartirish va bekor qilish; mehnat shartnomasida shartlashilgan ish bilan ish beruvchi tomonidan taʼminlanish; mehnatni muhofaza qilish talablariga mos keladigan ish joyiga ega boʻlish; oʻz malakasiga, mehnatning murakkabligiga, bajarilgan ishning miqdori va sifatiga muvofiq oʻz vaqtida hamda toʻliq hajmda ish haqi olish; ish vaqti davomiyligining chegarasini, ayrim kasblardagi va toifalardagi xodimlar uchun qisqartirilgan ish vaqtini belgilash, har haftalik dam olish kunlari, ishlanmaydigan bayram kunlari, shuningdek yillik mehnat taʼtillari berish orqali taʼminlanadigan dam olish; xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan mehnat sharoitlariga ega boʻlish, shuningdek ish joyidagi mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish talablari toʻgʻrisida toʻliq va ishonchli axborot olish; mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, mehnat shartnomasiga muvofiq kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish; oʻz mehnat huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish uchun kasaba uyushmalariga va boshqa tashkilotlarga birlashish; jamoa kelishuvlari va jamoa shartnomasi, shuningdek ular shartlarining bajarilishi toʻgʻrisida axborot olish, shu jumladan oʻz vakillari orqali olish; mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda xodimga mehnat vazifalarini bajarishi munosabati bilan yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash va maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish; oʻz mehnat huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini qonun bilan taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilish; mehnat nizolarini ushbu Kodeksda, boshqa qonunlarda belgilangan tartibda hal qilish. Xodim mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat toʻgʻrisidagi boshqa huquqiy hujjatlarga va mehnat shartnomasiga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Modda quyidagi hujjat tarkibida

O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi

Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.