Mehnat kodeksi 193-moddasi

Moslashuvchan ish vaqti rejimi

Moslashuvchan ish vaqti rejimi ish vaqtini tashkil etish usuli boʻlib, bunda ayrim xodimlar yoki tashkilot tarkibiy boʻlinmalarining xodimlar guruhlari uchun ish kunining boshlanishini, tugashini va umumiy davomiyligini muayyan doirada ularning oʻzi tartibga solishiga yoʻl qoʻyiladi. Bunda xodim uchun belgilangan ish soatlarining jamlangan miqdorini qabul qilingan hisobga olish davri (ish kuni, haftasi, oyi va boshqalar) ichida toʻliq ishlab berish talab etiladi. Moslashuvchan ish vaqti quyidagilarni oʻz ichiga oladi: oʻzgaruvchan (moslashuvchan) vaqt — ish kunining (smenaning) boshlanishi va tugashidagi vaqt boʻlib, uning doirasida xodim oʻz xohishiga koʻra ishni boshlashga va tugatishga haqlidir; qatʼiy belgilangan vaqt — ish vaqtining moslashuvchan rejimiga koʻra ishlovchilar ishda hozir boʻlishi shart boʻlgan vaqt; ushbu Kodeksning 204-moddasiga muvofiq, qoida tariqasida qatʼiy belgilangan ish vaqtini taxminan ikkita teng qismga ajratadigan dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus. Uning haqiqiy davomiyligi ish vaqtiga kiritilmaydi; kalendar vaqtni (ish kunini, haftasini, oyini, choragini va boshqalarni) belgilovchi hisobga olish davrining davomiyligi boʻlib, ushbu vaqt ichida xodim oʻzi uchun belgilangan ish soatlari normasini ishlab berishi kerak. Hisobga olish davrining davomiyligi bir ish kuni boʻlgan moslashuvchan ish vaqti rejimida ishlash chogʻida xodim uchun belgilangan ish vaqti normasi har kuni ishlab berilishi kerak. Agar hisobga olish davrining davomiyligi ish kunidan oshadigan boʻlsa, xodim uchun belgilangan ish vaqtining normasi tegishli hisobga olish davri uchun (hafta, oy, chorak va boshqalar) xodim tomonidan ishlab berilishi kerak. Hisobga olish davrining davomiyligi bir haftadan oshgan hollarda ushbu Kodeksning 199-moddasiga muvofiq belgilanadigan ish vaqtini jamlab hisobga olish nazarda tutilishi kerak. Ish kuni davomidagi moslashuvchan vaqtning eng koʻp davomiyligi dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus vaqti bilan birga oʻn ikki soatdan oshmasligi kerak, hisobga olish davri uchun ish vaqti soatlarining summasi esa ushbu davrda xodim uchun belgilangan soatlar normasiga teng boʻlishi kerak.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Modda quyidagi hujjat tarkibida

O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi

Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.