Mehnat kodeksi 144-moddasi

Ish beruvchi uchun majburiy boʻlgan, xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi alohida asoslarga koʻra bekor qilinganda xodimni boshqa ishga oʻtkazish

Agar mehnat shartnomasida belgilangan mehnat vazifasiga doir ishni xolisona sabablarga koʻra davom ettirish imkoni boʻlmasa, ish beruvchi xodimga uning mutaxassisligi va malakasiga muvofiq keladigan boshqa ishga oʻtkazishni, bunday ish boʻlmagan taqdirda esa ish beruvchida mavjud boʻlgan boshqa ishni taklif etishi shart. Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ushbu Kodeks 143-moddasining ikkinchi qismida, 161-moddasi ikkinchi qismining 2 va 3-bandlarida, 168-moddasi birinchi qismining 2, 4, 5 va 9-bandlarida, 489-moddasi birinchi qismining 1-bandida nazarda tutilgan asoslarga koʻra bekor qilingan taqdirda, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan majburiyat ish beruvchining zimmasiga yuklatiladi. Ushbu Kodeks 168-moddasi birinchi qismining 4 yoki 5-bandiga koʻra xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda, xodimni boshqa ishga oʻtkazish tegishincha mazkur Kodeks 168-moddasining beshinchi yoki oltinchi qismi talablari hisobga olingan holda amalga oshiriladi. Xodim malakasi yetarli boʻlmaganligi sababli bajarayotgan ishiga (egallab turgan lavozimiga) muvofiq boʻlmagan taqdirda, ish beruvchi xodimga xodimning mutaxassisligiga mos keladigan, birmuncha kam malaka talab etiladigan ishni, bunday ish mavjud boʻlmaganda esa ish beruvchida mavjud boʻlgan boshqa ishni taklif etishi shart. Agar tibbiy xulosaga muvofiq xodimga mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan ishni bajarishga qarshi koʻrsatma boʻlsa, ish beruvchi xodimni tibbiy xulosaga mos keladigan boshqa ishga oʻtkazishni taklif etishi kerak. Bunda xodimga oʻzida mavjud boʻlgan mutaxassislik va malaka boʻyicha ish taklif etilishi, ish beruvchida bunday ish mavjud boʻlmagan taqdirda esa boshqa ish taklif etilishi kerak. Agar ish beruvchida ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan asoslarga koʻra xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganda uni oʻtkazish mumkin boʻlgan doimiy xususiyatga ega ish mavjud boʻlmasa, biroq muddatli mehnat shartnomasi boʻyicha bajarilishi mumkin boʻlgan ish mavjud boʻlsa, ish beruvchi xodimga shunday ishga oʻtishni taklif etishi shart. Bunday holda xodimni muddatli mehnat shartnomasi boʻyicha boshqa ishga oʻtkazish amalga oshiriladi. Mehnat shartnomasini ushbu moddaning ikkinchi qismida sanab oʻtilgan asoslarga koʻra bekor qilishga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyiladi: xodim ushbu moddaning birinchi — beshinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda ish beruvchi taklif etgan boshqa ishga oʻtishni rad etganda; ish beruvchida boʻsh (vakant) oʻrinlar yoki xodim sogʻligʻi holati boʻyicha qarshi koʻrsatma boʻlmagan ish mavjud boʻlmaganda; xodim ushbu ishni bajarish uchun zarur boʻlgan malaka talablariga muvofiq emasligi sababli uni boshqa ishga oʻtkazish mumkin boʻlmaganda.

Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.

Modda quyidagi hujjat tarkibida

O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi

Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022

Hujjatni toʻliq ochish

Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?

Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.