Modda 211. Yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzish
Korxonalarda, muassasalarda, tashkilotlarda, jamoat joylarida, omborxona binolarida, yotoqxonalar va turar joylarda, shuningdek tegishli obyektlarni loyihalashtirish, qurish va qayta qurish chogʻida yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzish yoki yongʻinga qarshi inventarlar, uskunalar, yongʻinni aniqlash va oʻchirishning avtomat vositalaridan foydalanish va ularni saqlash qoidalarini buzish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. (211-modda birinchi qismining sanksiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 20-apreldagi OʻRQ-1136-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2026-y., 03/26/1136/0393-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 22-iyul) Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. (211-modda ikkinchi qismining sanksiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 20-apreldagi OʻRQ-1136-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2026-y., 03/26/1136/0393-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 22-iyul) Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etish, agar yongʻin chiqishiga olib kelgan boʻlsa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. (211-modda uchinchi qismining sanksiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 20-apreldagi OʻRQ-1136-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2026-y., 03/26/1136/0393-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 22-iyul) Shaxsning ehtiyotsizligi yoki yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzganligi tufayli uy-joy fondida odamlarning sogʻligʻiga zarar yetishi yoxud oʻzganing mol-mulki shikastlanishi yoki uning yoʻq qilinishi bilan bogʻliq boʻlmagan tarzda yongʻin sodir boʻlganda mazkur shaxs yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinadi. (211-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 13-martdagi OʻRQ-919-sonli Qonuniga asosan toʻrtinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.03.2024-y., 03/24/919/0208-son — 2024-yil 15-iyundan kuchga kiradi)