Mehnat kodeksi 518-moddasi
Uy ishchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish
Uy ishchisi mehnat shartnomasini ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxsni yetti kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirgan holda, oʻz tashabbusiga koʻra bekor qilishga haqlidir. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ogohlantirish muddati uy ishchisi va ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxs oʻrtasidagi kelishuvga koʻra qisqartirilishi mumkin. Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan asoslardan tashqari, ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxs mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha uy ishchisi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga haqlidir. Uy ishchisi bilan tuzilgan mehnat shartnomasida sodir etilganligi uchun mehnat shartnomasini ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 5-bandiga muvofiq bekor qilishga yoʻl qoʻyiladigan mehnat majburiyatlarining bir marta qoʻpol ravishda buzilishlari roʻyxati nazarda tutilishi mumkin. Uy ishchisi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxs vafot etganligi munosabati bilan bekor qilinadi. Ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxsning vafotidan keyingi kun mehnat shartnomasi bekor qilingan kun deb hisoblanadi. Ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxs vafot etganligi munosabati bilan xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda, mehnat shartnomasi bekor qilinganligi bilan bogʻliq boʻlgan barcha toʻlovlar ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxsning merosxoʻrlariga regress tartibida talablar yuborishga haqli boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasining hisobidan amalga oshiriladi. Uy ishchisini mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida ogohlantirish muddatlari, shuningdek mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishdan boʻshatish nafaqasini hamda boshqa kompensatsiya toʻlovlarini toʻlash hollari va miqdorlari mehnat shartnomasida belgilanadi, agar ular belgilanmagan boʻlsa, xodimlarga ushbu Kodeks hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan umumiy kafolatlar tatbiq etiladi. Ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxs uy ishchisi bilan mehnat shartnomasini bekor qilganda mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay bu haqda ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxsning yashash joyidagi davlat soliq xizmati organini yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.
Modda quyidagi hujjat tarkibida
O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi
Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022
← Oldingi modda
Modda 517. Ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxs tomonidan uy ishchisining mehnat shartlarini oʻzgartirish
Keyingi modda →
Modda 519. Uy ishchilarining mehnat staji
Qoʻshni moddalar
- 514Uy ishchilari
- 515Uy ishchisi bilan tuziladigan mehnat shartnomasi
- 516Ish va dam olish rejimi
- 517Ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxs tomonidan uy ishchisining mehnat shartlarini oʻzgartirish
- 519Uy ishchilarining mehnat staji
- 520Uy ishchisi va ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxs oʻrtasidagi yakka tartibdagi mehnat nizolarini hal etish
- 521Umumiy qoidalar
- 522Chet el fuqarosini ishga qabul qilish yoshi
Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?
Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.