Mehnat kodeksi 168-moddasi
Mehnat shartnomasini taraflarning xohish-irodasiga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra bekor qilish
Mehnat shartnomasini taraflarning xohish-irodasiga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra bekor qilish asoslari quyidagilardan iborat: 1) xodimning harbiy yoki muqobil xizmatga chaqirilganligi; 2) shu ishni ilgari bajarib kelgan xodimning avvalgi ishga tiklanganligi; 3) xodim sudning qaysi hukmi bilan avvalgi ishini davom ettirish imkoniyatini istisno etadigan jazoga hukm qilingan boʻlsa, oʻsha sud hukmining qonuniy kuchga kirganligi, shuningdek sudning qaroriga binoan xodimning ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasasiga yuborilganligi; 4) ishga qabul qilishga doir belgilangan qoidalarning buzilganligi, agar yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarlikni bartaraf etish imkoni boʻlmasa va u ishni davom ettirishga toʻsqinlik qilsa; 5) qonunchilikka muvofiq mehnatga oid munosabatlarni davom ettirishga monelik qiladigan holatlar yuzaga kelganligi (xodimning belgilangan tartibda berilgan tibbiy xulosaga muvofiq mehnat faoliyatiga toʻliq qobiliyatsiz deb eʼtirof etilganligi, shuningdek davlat sirlaridan foydalanish huquqi bekor qilinganligi, agar bajarilayotgan ish shunday foydalanish huquqini talab qilsa, muayyan ishni bajarishga doir ruxsatnomadan yoki litsenziyadan mahrum etilganligi va boshqalar); 6) tashkilotni tugatish yoki ish beruvchi boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkor faoliyatini tugatish toʻgʻrisidagi sud qarorining qonuniy kuchga kirganligi; 7) xodimni ishga tiklash haqidagi sud qarori bekor qilinganligi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasining qarori bekor qilinganligi (qonunga xilof deb eʼtirof etilganligi); (168-modda birinchi qismining 7-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 13-fevraldagi OʻRQ-1030-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.02.2025-y., 03/25/1030/0144-son) 8) xodim vafot etganligi, shuningdek sud tomonidan xodimning bedarak yoʻqolgan deb eʼtirof etilganligi yoki vafot etgan deb eʼlon qilinganligi; 9) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida doimiy asosda ishlagan Senat aʼzosining vakolatlari muddati tugaganligi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tarqatib yuborilganligi munosabati bilan avvalgi lavozimiga (ishiga) qaytganligi; 10) qonunda nazarda tutilgan boshqa hollar. Mehnat shartnomasi quyidagi hollarda bekor qilingan deb hisoblanadi: jismoniy shaxs boʻlgan ish beruvchi vafot etganda, shuningdek jismoniy shaxs boʻlgan ish beruvchi sud tomonidan vafot etgan yoki bedarak yoʻqolgan deb eʼtirof etilganda; xodim yoki jismoniy shaxs boʻlgan ish beruvchi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb eʼtirof etilganda, agar bu jismoniy shaxsning ish beruvchining vazifalarini bajarish, xodimning esa avvalgi ishini davom ettirish imkoniyatini istisno etadigan boʻlsa. Ish beruvchi ushbu moddaning birinchi qismining 6-bandida nazarda tutilgan asos boʻyicha xodimni mehnat shartnomasi bekor qilinganligi toʻgʻrisida kamida ikki oy oldin yozma ravishda (imzo qoʻydirib) ogohlantirishi yoki xodimga ogohlantirish muddatining davomiyligiga mos keladigan pul kompensatsiyasini toʻlashi shart. Agar xodimning yozma roziligi bilan uni ish beruvchida mavjud boʻlgan boshqa ishga oʻtkazish mumkin boʻlmasa, mehnat shartnomasini ushbu modda birinchi qismining 2 va 9-bandlarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha bekor qilishga yoʻl qoʻyiladi. Agar ish beruvchi tomonidan xodimning yozma roziligi bilan uni ish beruvchida mavjud boʻlgan boshqa ishga oʻtkazish boʻyicha choralar koʻrilgan, lekin xodim bunday oʻtkazishni rad etgan boʻlsa, ishga qabul qilishning belgilangan qoidalari xodimning aybisiz buzilgan hollarda mehnat shartnomasini ushbu modda birinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha bekor qilishga yoʻl qoʻyiladi. Agar ish beruvchi tomonidan xodimning yozma roziligi bilan uni ish beruvchida mavjud boʻlgan boshqa ishga oʻtkazish boʻyicha choralar koʻrilgan, lekin xodim bunday oʻtkazishni rad etgan boʻlsa, mehnatga oid munosabatlarni davom ettirishga toʻsqinlik qiluvchi holatlar xodimning aybisiz yuzaga kelgan hollarda (bundan xodimni tibbiy xulosaga muvofiq mehnat faoliyatiga toʻliq layoqatsiz deb eʼtirof etish mustasno) mehnat shartnomasini ushbu modda birinchi qismining 5-bandida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha bekor qilishga yoʻl qoʻyiladi. Xodimni ushbu moddaning toʻrtinchi, beshinchi va oltinchi qismlarida nazarda tutilgan boshqa ishga oʻtkazish ushbu Kodeksning 144-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Eslatma: Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va axborot maqsadida berilgan.
Modda quyidagi hujjat tarkibida
O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi
Qonun № O'RQ-798, 28.10.2022
← Oldingi modda
Modda 167. Texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning oʻzgarishiga, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarishiga bogʻliq boʻlgan tashkilot (uning alohida boʻlinmasi), yakka tartibdagi tadbirkor xodimlarining soni (shtati) oʻzgarganligi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishda qoldirishga doir imtiyozli huquq
Keyingi modda →
Modda 169. Mehnat shartnomasini yangi muddatga saylanmaganlik yoki tanlovdan oʻtmaganlik yoxud saylashda, tanlovda ishtirok etishni rad etganlik munosabati bilan bekor qilish
Qoʻshni moddalar
- 164Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilishni kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishib olish
- 165Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilish toʻgʻrisida ogohlantirish
- 166Ish beruvchining xodimlarni ishdan boʻshatish toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etishi
- 167Texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning oʻzgarishiga, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarishiga bogʻliq boʻlgan tashkilot (uning alohida boʻlinmasi), yakka tartibdagi tadbirkor xodimlarining soni (shtati) oʻzgarganligi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishda qoldirishga doir imtiyozli huquq
- 169Mehnat shartnomasini yangi muddatga saylanmaganlik yoki tanlovdan oʻtmaganlik yoxud saylashda, tanlovda ishtirok etishni rad etganlik munosabati bilan bekor qilish
- 170Mehnat shartnomasini bekor qilishni rasmiylashtirish
- 171Mehnat daftarchasini va mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi buyruqning koʻchirma nusxasini berish
- 172Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodim bilan hisob-kitob qilish
Ushbu moddani qoʻllashda yordam kerakmi?
Talab sizda qanday bajarilayotganini tekshiramiz va nimani tartibga solish kerakligini aytamiz.